Евразийский
научный
журнал
Заявка на публикацию

Срочная публикация научной статьи

+7 995 770 98 40
+7 995 202 54 42
info@journalpro.ru

GLOBALLASHUV DAVRIDA ONA TILI FANINING AHAMIYATI

Поделитесь статьей с друзьями:
Автор(ы): Orazbaev Ergash Yuldashevich
Рубрика: Филологические науки
Журнал: «Евразийский Научный Журнал №4 2021»  (апрель, 2021)
Количество просмотров статьи: 1226
Показать PDF версию GLOBALLASHUV DAVRIDA ONA TILI FANINING AHAMIYATI

Orazbaev Ergash Yuldashevich,
Qoraqalpoq davlat universiteti
O‘zbek tilshunosligi kafedrasi assistenti,
Nukus, O‘zbekiston

Davr va zamon o‘zgarishi, hayotdagi taraqqiyot inson ongida ham o‘sish, yangilanish ro‘y berishiga olib kelishi hayotiy haqiqatdir. Bugungi zamondoshlarimizning ongi, dunyoqarashini bundan 20 yil oldingi hayot bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, oradagi katta tafovutni sezish qiyin emas. Xalqimiz hayotidagi mana shu jarayon mamlakatimiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, istiqlol tufayli siyosiy, iqtisodiy qaramlikdan, ma’naviy-ruhiy qullikdan ozod bo‘ldik. Hozirgi kunga kelib mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’naviy islohotlar qatorida zamonlar sinovidan o‘tgan madaniy-adabiy merosimizni xalqqa va yoshlarga yetkazish, qadriyatlarimiz va an’analarimizni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Aynan bugungi kunda ma’naviyat sohasida vujudga kelayotgan dolzarb muammolar, xalqimiz ma’naviyatini asrash va yuksaltirish, kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodning qalbi va ongini turli zararli g‘oya va mafkuralardan saqlashni sharoit taqozo etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Tan olib aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda aholining birinchi navbatda, yoshlarning ongi va qalbini egallash uchun keskin kurash borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, farzandlarimiz tarbiyasi, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarimizni bir zum ham susaytirmasdan ularni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur” [1:17], deya bejizga aytmagan edilar.

Darhaqiqat, yot g‘oya targ‘ibotchilari g‘arbona demokratiyani farzandlarimiz ongiga global san’at, global madaniyat, global hayot tarzida, jahonga chiqishning yagona yo‘li sifatida singdirishga urinmoqdalar. Bu hatti-harakatlar zamirida turli zo‘ravonlik, bosqinchilik va behayolikdan iborat kinofilmlarni ko‘rishga undash, haqiqiy san’atdan yiroq, jazavaga tushiruvchi musiqalarni tinglash, odob-axloq qoidalariga rioya etmagan holda yengil-yelpi, erkin hayot kechirishga da’vat etish kabi manfur maqsadlar yotganligi muayyandir. Bunday yot g‘oyalar tarafdorlarining fikricha, biz o‘z farzandlarimizning nojo‘ya harakatlarini tergaydigan bo‘lsak, erkini chegaralagan, huquqlariga daxl qilgan bo‘lamiz. Masalan, ayni paytda g‘arb matbuotida maktabdagi sinfdoshlarini o‘qqa tutgan, talaba o‘rtoqlarini nobud qilgan yoshlar haqida ko‘p yozishmoqda.

Shu o‘rinda ajdodlarimizning: “bola boshdan” yoki “o‘g‘irlik tuxum o‘g‘irlashdan boshlanadi” degan o‘git-nasixatiga hamohang bo‘lgan qadimgi yunon faylasufi Pifagorning: “Hasharotni o‘ldirishda aybdor bo‘lgan farzandingni qattiq jazola: odam o‘ldirish shundan boshlanadi...”, [4] degan dona so‘zlarini esga olish joizdir.

Shu bois, azaliy qadriyatlar an’analarimizga suyangan holda ularni asrab qolish, ayniqsa, milliylikning asosi bo‘lgan tilni milliy zaminda turib tahlil etish va rivojlantirish, o‘zbek tilining o‘ziga xosligini namoyon qilishimiz kerak.

Hozirgi xalqaro globallashuv sharoitida, har bir mamlakatda tillarning rivojlanishi va shu mamlakat hududida qo‘llanishi bo‘yicha ma’lum strategik yo‘nalishlar ishlab chiqildi. O‘zbekistonda ham tillarning rivojlanishi va qo‘llanishi yuzasidan ma’lum bir yo‘nalishlar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 21-oktabr kuni ‘O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida‘gi farmonni imzoladi. Unga binoan, 21-oktabr sanasi O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Nizomiddin Mahmudov taʼbiri bilan aytganda, til xalq tafakkur tarzining tamalida turadigan, olam sinoatlarini anglash va kelajak avlodlarga anglatishga imkon beradigan, qavmning qalbi qa’ridagi qiyossiz qudratni sog‘lom saqlaydigan bemisl bir vositadir [3:3]. Har bir xalqning milliy o‘zligi, eng avvalo, uning tilida zuhur etadi. Ona tilining inson ichki dunyosi va aql xazinasining tayanchi ekanligi tarzidagi e’tirof bugun juda keng tarqalgan. Koichiro Matsuuro YUNESKOning Bosh direktori 2003-yil 21-fevralda Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida: “Ona tiliga nima uchun bu qadar e’tibor berilmoqda? Shuning uchunki, tillar insoniyat ijodining butun rang-baranglikdagi betakror ifodasidir. Aloqa, idrok va tafakkur quroli sifatida til, shuningdek, biz dunyoni qanday ko‘rishimizni tavsiflaydi, o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi aloqani aks ettiradi... Har bir insonda tug‘ilganidanoq tilning muayyan ta’sirlarni yuzaga keltirishiga, hatto keyinchalik inson boshqa ko‘plab tillarga sohib bo‘lganida ham mutlaqo yo‘qolmaydigan, narsalarni o‘ziga xos tarzda ko‘rishni ato qilishiga ko‘ra ona tillari unikaldir” [3]. Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda davlat tilining mavqeyi, uning e’tiborini oshirishga ta’sir etuvchi ijobiy va salbiy omillarning xususiyatlarini o‘rganish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biridir.

Shunday ekan, shaxs takomilida ta’lim-tarbiyaning, xususan, ona tilining o‘rni beqiyosdir. Chunki yoshlar mamlakatning kelajakka, saodatga bag‘ishlovchi yorug‘ yulduzidir. Agar bolaga vaqtida yaxshi tarbiya berilmasa, xuddi yaxshi ishlov berilmagan yerdan mo‘l hosil unmaganidek, ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ma’rifatparvar alloma Abdullo Avloniy bu haqida: “Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”, — deb bekorga aytmagan edi. Shuning uchun ham ona tili mashg‘ulotlarida hayotining iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va milliy ma’naviy tarbiya berish sohalariga ta’siri masalalariga katta e’tibor qaratish zarur. Chunki ona tilining boshqa fanlarga nisbatan har bir darsda milliy ma’naviy bilim, malaka va ko‘nikmalar hosil qilish, har qanday nazariy materiallar o‘tilgach, mustahkamlash uchun berilgan amaliy topshiriqning mazmuni biror milliy qadriyatlarimiz, ajdodlarimiz qoldirgan milliy merosimiz va tarbiyaning eng nozik masalalarini yoshlar ongiga yetkazish va singdirishda ona tilining imkoniyati katta hisoblanadi.

Adabiyotlar ro‘yhati:

1. Sh.Mirziyoyev. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. T.: O‘zbekiston, 2017, 17-b

2. Sh. Rahmatullayev. Hozirgi adabiy oʻzbek tili. T.: 2006

3. Маҳмудов Н. Матн ва тил тараққиёти. Ўзбек тили ва адабиёти журнали № 4. 2017. 3-б.

4. Студенческий вестник. № 15(35). стр-65